Qurishdan avval infratuzilmani mustahkam qilish kerak
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida bosh reja asosida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.
Ma’lumki, 2017-yili Toshkent viloyati markazi ushbu shaharga ko‘chirilgan, o‘tgan yili uning bosh rejasi ishlab chiqilgan edi. Bugungi kunda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Toshkent yo‘li ko‘chasi kengaytirilib, bir qavatli eski imoratlar o‘rnida ko‘p qavatli uylar, ofislar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilmoqda. Yil oxirigacha 8 ta bank filiali va 9 ta ma’muriy bino foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbariga bosh rejaga asosan shaharning markaziy qismini batafsil rejalashtirishga oid ma’lumotlar berildi. Unga muvofiq, bu yerda Toshkent viloyati hokimligi, vazirlik va idoralar boshqarmalari, madaniyat ob’ektlari, universitet va maktablar, shifoxona, sport majmualari bo‘lishi rejalashtirilgan. Ko‘p qavatli uylar energiya tejaydigan materiallardan qurilishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz birinchi navbatda infratuzilma tarmoqlarini mustahkam qilib qurish lozimligini ta’kidlab, ularni sifatli ekspluatatsiya qiladigan mutaxassislar tayyorlash, vazirlik va idoralar binolarini optimal joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.