O'zbekiston Prezidentimiz kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarimizga munosib oʻgʻlonlarni taqdirladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2019-yil 27-sentabrdagi farmoniga muvofiq, Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionatida yuksak natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylar faxriy unvon va medallar bilan taqdirlangan edi.
2019-yil 30-sentabr kuni Koʻksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari rahbarlari, bokschilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlar kamoloti, sport rivoji uchun puxta zamin yaratilgan. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Joylarda yangi sport obyektlari ishga tushirilib, yoshlar sogʻlom turmush tarziga faol jalb etilmoqda. Professional sportchilarning mashgʻulotlar oʻtkazishi, mahoratini muntazam oshirib borishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 4-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilangan edi.
Oʻtgan qisqa vaqtda sportchilarimiz bir nechta turnirlarda ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Xususan, 14-22-sentyabr kunlari Qozogʻiston poytaxti Nur-Sulton shahrida boʻlib oʻtgan yunon-rum kurashi boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 4 ta medal bilan 2-oʻrinni egalladi. Eʼtiborlisi, sovrindor sportchilarimiz 2020-yilgi Tokio Olimpiadasiga ham yoʻllanma oldi.
20-25-sentyabr kunlari Toshkentda dzyudo boʻyicha xalqaro Gran-pri turniri yuqori saviyada oʻtkazildi. Unda 71 mamlakat sportchilari 14 ta vazn toifasida qatnashdi. Yurtimiz terma jamoasi jami 6 ta medal bilan 2-oʻringa sazovor boʻldi.
6-22-sentyabr kunlari Yekaterinburg shahrida boʻlib oʻtgan boks boʻyicha jahon chempionati sportchilarimiz uchun yanada muvaffaqiyatli kechdi. Saksonga yaqin mamlakatdan eng kuchli charm qoʻlqop ustalari ishtirok etgan gʻoyat keskin bellashuvlarda terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. AQSH, Kuba, Rossiya, Qozogʻiston, Angliya, Hindiston kabi boks boʻyicha yetakchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Jamoa sardori Bahodir Jalolov chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” deb eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari, avvalo, sportchilarimizni, ularning ustoz va murabbiylarini, butun xalqimizni boks boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining tarixiy gʻalabasi bilan samimiy tabrikladi.
Boʻlib oʻtgan samimiy muloqotda terma jamoamiz boks boʻyicha yetakchi davlatlar vakillarini orqada qoldirib, yakuniy bosqichda gʻoliblikni qoʻlga kiritgani ularning nafaqat jismoniy, balki ruhiy va maʼnaviy jihatdan ham yaxshi tayyorgarlik bilan maydonga chiqqani natijasi ekani alohida taʼkidlandi.
Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi hech qachon kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarimizga munosib oʻgʻlonlargina ana shunday ulugʻ zafarlarga qodir boʻla oladi. Sizlar milliy sportimiz tarixida yangi va yorqin sahifa ochib, jonajon Oʻzbekistonimiz obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaklarga koʻtardingiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari uchrashuvda ishtirok etgan bokschilarimizning ota-onalarini alohida qutlab, ular mana shunday mard, mustahkam irodali, vatanparvar farzandlarni voyaga yetkazib, koʻpchilikka namuna boʻlganlarini taʼkidladi.
Haqiqatan ham, dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan eng kuchli charm qoʻlqop ustalari ishtirok etgan va gʻoyat keskin kurashlar ostida oʻtgan jahon chempionatida terma jamoamiz eng yuqori pogʻonaga koʻtarilgani ulkan jasorat va qahramonlik namunasidir. Buning uchun zarur boʻlgan beqiyos kuch-gʻayrat, bilim va mahorat, mustahkam ishonch manbai avvalo, Vatanimiz, olijanob xalqimiz, uning shonli tarixi va boy maʼnaviyati, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Ana shunday buyuk kuchga tayanib, millionlab yoshlarimiz yurtimizni har tomonlama taraqqiy toptirish yoʻlida zoʻr gʻayrat va shijoat bilan maydonga chiqmoqda, dedi Prezidentimiz.
Maʼlumki, 2016-yil Braziliyada boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida ham bokschilarimiz hammani qoyil qoldirib, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan edi. Erishilgan bunday yutuqlar tasodifiy emasligini, Oʻzbekiston tom maʼnoda boks mamlakatiga aylanib borayotganini milliy terma jamoamiz aʼzolari yana bir bor butun dunyoga yaqqol namoyon etdi.
Bu gʻalaba “Oʻzbekiston boks maktabi”, “Oʻzbekiston bokschilari” degan soʻzlarni jahon sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qoʻydi. Endi Oʻzbekiston bokschilarini, oʻzbek boks maktabini tan olgan ham tan oladi, tan olmagan ham tan oladi. Endi “Oʻzbekiston”, “oʻzbekistonlik” desa, manaman degan bokschilar ham oʻylab ringga tushadigan boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan, boks sohasiga koʻrsatilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan zarur sharoitlar roʻyobi, avvalo, mana shunday yutuqlarda koʻrinadi. Mamlakatimizda zamonaviy taʼlim-tarbiya maskanlari bilan birga, yangi-yangi sport maktablari va majmualari, stadionlar, suzish havzalari barpo etilayotgani, bolalarimiz qalbida sportga mehr uygʻotishga alohida ahamiyat berilayotgani bu borada hal qiluvchi rol oʻynamoqda. Ayniqsa, hurmatli ustoz va murabbiylar mehnati qadr topib, ularning mavqei va maqomi oshib borayotgani yutuqlar garovi boʻlmoqda.
“Yoshlar – kelajagimiz”, “Beshta muhim tashabbus”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” kabi dasturlarning barchasida farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalashga, ularning sport bilan shugʻullanishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Bu gʻalabaning yana bir muhim tomoni shundaki, u mamlakatimizda boshqa sport turlarining rivojiga ham qudratli turtki beradi, oʻz navbatida, yoshlarni barcha sohalarda marrani baland olib, doimo gʻalaba sari intilib yashashga oʻrgatadi, dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda terma jamoamiz qoʻlga kiritgan olamshumul yutuqqa beqiyos hissa qoʻshgan qahramon bokschilarimizning har biri haqida gʻurur va iftixor bilan fikr bildirildi.
Shahobiddin Zoirov bir qator kuchli raqiblarni, xususan, finalda hindistonlik mashhur bokschini yengib, dastlabki oltin medalni qoʻlga kiritgani, Mirazizbek Mirzaxalilov finalda kubalik oʻta kuchli raqibni ikkinchi raunddayoq magʻlub etgani, alpomishlar yurti – Surxondaryo farzandi, uchinchi oltin medal sohibi Bahodir Jalolov oʻta ogʻir vaznda ham chempion, ham chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” degan eʼtirofga sazovor boʻlgani, yosh, isteʼdodli bokschimiz Dilshodbek Roʻzmetov bunday nufuzli musobaqada ilk bor ishtirok etganiga qaramasdan, kumush medalni qoʻlga kiritgani, bronza medaliga sazovor boʻlgan Bobo-Usmon Botirov ham jahon chempionatida ilk marta qatnashib, faxrli natijaga erishgani alohida taʼkilandi.
Yigʻilishda erishilgan gʻalabani taʼminlashda murabbiylar tarkibi, Boks federatsiyasining salmoqli hissasi borligi eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari kuchli va yengilmas jamoani tayyorlash uchun chinakam fidoyilik koʻrsatgan, toʻgʻri taktika tanlagan va puxta mashgʻulotlar olib borgan Marat Qurbonov, Rahmatjon Roʻzioxunov, Toʻlqin Qilichev, Istam Kabinov, Bahodir Erkayev, Farrux Qilichev kabi murabbiylarning xizmatlarini yuqori baholab, ularni chin dildan tabrikladi.
Muloqot davomida kelasi yil Yaponiyada boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik haqida ham atroflicha soʻz yuritildi. Oʻzbekiston bokschilari katta gʻalabani qoʻlga kiritib, bu borada mustahkam poydevor yaratganiga alohida urgʻu berildi.
Jadal rivojlanayotgan, ochiq va demokratik mamlakatimiz oʻzining sport sohasidagi yangi qiyofasini namoyish etishi uchun bu Olimpiada juda katta imkoniyatdir. Albatta, sportchilarning jismoniy tayyorgarligi, professional mahorati va tajribasi juda muhim. Lekin eng zarur jihati – bu Olimpiya jamoamizning ruhiy tayyorgarligi. Sportchining oʻziga ishonchi qanchalik kuchli boʻlsa, natija ham shuncha yuqori boʻladi, dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan boksni maktablar, mahallalar, tumanlar va viloyatlar darajasida rivojlantirish yuzasidan zarur sharoitlar yaratish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqish, boksni umummilliy sport turiga aylantirish yuzasidan alohida dastur va chora-tadbirlar qabul qilishga doir muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Marosimda boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi M.Qurbonov, jahon chempionlari B.Jalolov, M.Mirzaxalilov va boshqalar sportni rivojlantirish hamda sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrsatayotgan doimiy eʼtibori uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O'zA