Ilg‘or tadbirkorlarga davlat mukofotlari topshirildi
22-avgust kuni Xalqaro kongress markazida Tadbirkorlar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ishbilarmonlarini bayram bilan tabriklab, tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishda asosiy kuch ekanini ta’kidladi.
– Jamiyatda tadbirkorlarning obro‘si va mavqei kun sayin yuksalib, ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, o‘z nufuzi va brendiga ega bo‘lgan ishbilarmonlar tobora ko‘payib bormoqda. Davlat idoralarida ham ularga munosabat tubdan yaxshilandi. Tadbirkorlarga nisbatan mana shunday yondashuv bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20-avgustdagi farmoniga muvofiq, Tadbirkorlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha vakillaridan bir guruhi mukofotlangan edi. Tadbirda davlatimiz rahbari 29 nafar fidoyi va ilg‘or tadbirkorlarga ana shu orden va medallarni topshirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19-avgustdagi qarori bilan “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etiilgan edi. Ushbu mukofotga sazavor bo‘lgan 100 nafar tadbirkorga ham joylarda ushbu yangi ko‘krak nishoni topshirilmoqda.