Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi energetika, xavfsizlik hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettiradi

Turkmaniston poytaxti Ashxobodda payshanba kuni Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati. Unda O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ishtirok etdi.
Ishtirokchilar 3–4 aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Markaziy Osiyo — EI sammitiga tayyorgarlik masalasini muhokama qildilar. Sammit ikki mintaqaning yuqori darajadagi aloqalarni chuqurlashtirishga sadoqatini namoyon etishi, strategik hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishi va Markaziy Osiyo hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada faollashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda ishtirokchilar tinchlik, xavfsizlik, asosiy huquqlarni himoya qilish va barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik qilishga sodiqligini tasdiqladilar. Shuningdek, BMT Nizomi va xalqaro huquqning asosiy prinsiplari, xususan, barcha davlatlarning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralaridagi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat bilan yondashishni yana bir bor tasdiqladilar. Ishtirokchilar mazkur prinsiplarga zid bo‘lgan harakatlardan tiyilishga kelishib oldilar.
Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma, Biologik qurollarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya hamda Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini bildirdilar.
Yevropa Ittifoqi joriy etilgan sanksiyalar haqida ma’lumot berib, ularni chetlab o‘tishning oldini olish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ishtirokchilar Yevropa qo‘sh maqsadli tovarlarining qayta eksport qilinishining oldini olish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarining yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari orqali olib borilayotgan faoliyatni yuqori baholadi.
Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirliklari vakillari Yevropa Ittifoqining mintaqa barqarorligi va farovonligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini olqishladilar. Bu borada Global Gateway strategiyasi, Team Europe tashabbusi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlari va Yevropa moliyaviy institutlarining individual ishtiroki muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar Tojikiston uchun EIning GSP va O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston uchun GSP+ preferentsiya tizimining rolini ta’kidladilar. Ushbu tizimlar Yevropa Ittifoqi bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirish, xalqaro savdoni inson huquqlari, jumladan, mehnat huquqlari va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda EIning Global Gateway strategiyasi doirasida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida barqaror bog‘lanishni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Bu, jumladan, savdo, transport, suv resurslari, energetika, iqlim o‘zgarishi, raqamlashtirish va strategik xom ashyo sohalarida hamkorlikni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ta’lim, tadqiqot va barqaror turizm kabi sohalarda ham aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar Yevropa va xalqaro moliyaviy institutlarning Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish uchun 10 milliard yevro ajratish bo‘yicha tayyorligini mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Ushbu yo‘lak multimodal, raqobatbardosh, barqaror, oldindan taxmin qilinadigan, "aqlli" va samarali transport tarmog‘iga aylanishi hamda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport aloqalarini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.