O‘zbekiston xalqaro transport yo‘nalishlarini kengaytirmoqda

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan chegaradosh noyob geografik joylashuvi nafaqat qo‘shni mamlakatlarni, balki Sharqiy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan, Yaqin Sharqni esa Kavkaz va Yevropa bilan barqaror transport tarmog‘i orqali bog‘lash imkonini beradi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari jadal rivojlanmoqda, barqaror iqtisodiy o‘sish esa transport-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Bundan tashqari, dunyoda geosiyosiy vaziyatning tez o‘zgarib borayotgani transport infratuzilmasini takomillashtirish, tashqi savdo yuk tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va yangi, barqaror transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks va muvofiqlashtirilgan ishlarga ehtiyoj tug‘dirmoqda.
So‘nggi yillarda Qizil dengiz va Sharqiy Yevropadagi geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi Yevropa va Xitoy, shuningdek Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida xavfsiz, barqaror va o‘zaro manfaatli transport koridorlarini rivojlantirish zaruratini kuchaytirdi. Ana shunday sharoitda Transkaspiy xalqaro transport koridori yoki O‘rta yo‘lak butun dunyo hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘lib, Xitoy, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil yo‘nalish sifatida shakllanmoqda.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan yangi xalqaro transport koridorlarini shakllantirish va mavjudlarini rivojlantirish borasida faol hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston Osiyo-Tinch okeani mintaqasi – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa yo‘nalishidagi xalqaro multimodal transport koridori – CASCA+ ishtirokchisidir. Aynan shu doirada Transkaspiy yo‘nalishi rivojlantirilmoqda.
2019-yil 20-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ishtirokida Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining xalqaro multimodal transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha besh tomonlama uchrashuvi protokoli imzolangan. 2021-yil 17-dekabrda Turkiya ushbu protokolga qo‘shildi va tomonlar o‘rtasida olti tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu hujjat chegara punktlarida hamkorlikni takomillashtirish, logistika kompaniyalarini tayinlash, tranzit konteyner poezdlarini tashkil etish, imtiyozli tarif stavkalari, yagona yuk tashish shartlarini belgilash kabi qator chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
O‘rta yo‘lakning bir necha yo‘nalishlari mavjud, ammo mavjud muqobil yo‘llar ichida aynan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa yo‘nalishi eng qisqa geografik yo‘ldir (4917 km).
2023-yil iyun oyida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘rta yo‘lakni shakllantirish orqali Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish zarurligini alohida ta’kidladi. Kiritilgan islohotlar natijasida 2024-yilda O‘zbekiston bilan Yevropa o‘rtasidagi Kaspiy dengizi orqali yuk tashish hajmi 1,1 million tonnani tashkil etdi, bu 2020-yilga nisbatan 55 foizga ko‘p (492 ming tonna).
2024-yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Kavkaz mamlakatlari, AQSh va Braziliya bilan xalqaro yuk tashish hajmi 2,8 million tonnani tashkil etdi. Bu O‘rta yo‘lak orqali yuk tashish istiqbollarining kengligini ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan 2025-yil davomida Transkaspiy yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshirish va O‘zbekiston manfaatlarini ta’minlash maqsadida Kaspiy dengizi orqali yuk tashish uchun ikki dona kemani xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Janubiy Kavkaz mamlakatlari va Turkiya bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” investitsiya strategiyasini amalga oshirmoqda.
Ko‘rilayotgan amaliy choralariga qaramay, O‘rta yo‘lakda hozircha yetarli barqarorlik yo‘q. Bu quyidagi muammolar bilan bog‘liq: uzoq yetkazib berish muddati, yuqori transport xarajatlari, Kaspiy va Qora dengizdagi portlarning past samaradorligi va Kaspiy dengizi sathining pasayishi.
Tadqiqotlar natijasida, Ozarbayjondagi Alat portida ob-havoning noqulayligi sababli xalqaro yuk mashinalari tirbandlikda qolayotgani aniqlandi, o‘rtacha kutish vaqti 25–30 kunni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun: 2024-yilning birinchi yarmida Yevroosiyo temir yo‘l alyansi (ERAI) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy – Yevropa shimoliy yo‘nalishi bo‘yicha konteynerli poyezdlarning o‘rtacha harakat vaqti 7 kunni, tashish qiymati esa 3289 AQSH dollarini tashkil etgan. Transgroup systems LP ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentdan O‘rta yo‘lak orqali yetkazib berish muddati 35–40 kun, transport narxi esa 5500 dollarni tashkil etadi.
Shu sababli, hozircha O‘rta yo‘lak raqobatbardoshlik bo‘yicha boshqa muqobil yo‘nalishlar – Shimoliy va Janubiy yo‘nalishlarga yutqazmoqda.
Shunga qaramay, O‘rta yo‘lak yoki Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo aloqalari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha joylashgan davlatlar va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yanada yaqin aloqalarni o‘rnatish uchun yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf etish va yo‘nalishni yanada rivojlantirish zarur. Bu orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va yetakchi banklar Kaspiy va Qora dengiz portlariga (Turkmanboshi, Kuryk, Oqto‘, Alat, Poti, Batumi) va koridor bo‘ylab joylashgan davlatlar (Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya)ning transport infratuzilmasiga investitsiya kiritishlari mumkin.
Bugungi o‘zgaruvchan dunyoda faqat bitta omilga tayanib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi mamlakatimiz transport koridorlarining jozibadorligini oshirish va muqobil yo‘nalishlar yaratish maqsadida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya (5430 km) xalqaro transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy choralarni amalga oshirmoqda.
Xitoyni Turkiya bilan bog‘laydigan ushbu yo‘nalish eng maqbul yo‘ldir, sababi butun yo‘l bo‘ylab temir yo‘l infratuzilmasi mavjud va yuklar Xitoyning Qashg‘ar shahridan Turkiyaning Istanbul portigacha temir yo‘l orqali yetkaziladi, so‘ngra Yevropa va Qora dengiz mamlakatlariga avtomobil, temir yo‘l yoki dengiz orqali yetkaziladi.
2023-yil 1-noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ECO) yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya transport vazirlari O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha Protokolni imzoladilar. Hujjatga ko‘ra, har bir davlat temir yo‘l konteyner tashish uchun mas’ul operatorni tayinlaydi, sinov yuk tashuvlari amalga oshiriladi va ularga tarif chegirmalari taqdim etiladi. Hozirgi vaqtda Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikistonni ham ushbu protokolga jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l liniyasining qurilishi Xitoy – Yevropa quruqlikdagi yuk tashish yo‘nalishining jozibadorligini yanada oshirishi kutilmoqda. Ushbu loyiha asr loyihasi sifatida tan olingan bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklaydi. Qurilish Yevropagacha bo‘lgan masofani 900 km ga, yetkazib berish vaqtini esa 7–8 kunga qisqartiradi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bir necha transport yo‘nalishlarining yaratilishi nafaqat transport aloqalarini mustahkamlaydi, balki savdo hajmini oshiradi, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilaydi va hayot sifatini oshiradi.
Saidkamol Sultonbekov
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika rivojlanish muammolarini o‘rganish markazi yetakchi mutaxassisi