Markaziy Osiyo va GCC (Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi): tarixiy aloqalardan strategik hamkorlikka

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo (MO) va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) o‘rtasidagi munosabatlar barqaror ijobiy dinamika kasb etmoqda. Markaziy Osiyo va GCC davlatlarining iqtisodiy imkoniyatlari, siyosiy muloqotning chuqurlashuvi, madaniy-tarixiy aloqalarga o‘zaro qiziqish va foydali geostrategik joylashuv bilan birgalikda, ushbu hamkorlik formatining strategik ahamiyatini kuchaytirmoqda.
Bu jarayonda burilish nuqtasi sifatida GCC va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk tarixiy sammiti (2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida) bo‘lib o‘tdi, u uzoq muddatli strategik hamkorlik uchun poydevor yaratdi.
Ushbu muloqotning ikkinchi sammiti 2025-yil may oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Samarqand shahrining bunday muhim sammit uchun maydon sifatida tanlanishi bejiz emas. Asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘llari chorrahasida joylashgan ushbu mashhur shahar Sharq va G‘arb o‘rtasida sivilizatsiyalar dialogi, diplomatik, savdo va madaniy almashinuvning muhim markazi bo‘lib kelgan. Shu munosabat bilan Samarqandda tadbir o‘tkazilishi tarixiy aloqalarga yangi turtki berishi ko‘zda tutilmoqda.
I. Tarixiy rishtalar va ularning transformatsiyasi
Markaziy Osiyo va Arabiston yarimoroli o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalar o‘zaro manfaatli hamkorlikni qayta tiklash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Miloddan avvalgi II asrdan boshlab Buyuk Ipak yo‘li faol savdo almashinuvini ta’minlagan: Markaziy Osiyodan Arabistonga ipak, qog‘oz, qimmatbaho buyumlar va otlar yetkazib berilgan, Arabistondan esa xushbo‘y moylar, ziravorlar va zargarlik buyumlari olib kelingan. Bu savdo almashinuvi sivilizatsiyalarimiz o‘rtasidagi uzviy aloqaning asosini yaratdi.
VIII asrda islom tarqalishi bilan o‘zaro aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayonda Bag‘doddagi mashhur Donishmandlar uyi ("Bayt al-Hikma") alohida o‘rin tutdi, u yerda Markaziy Osiyo va arab olamining atoqli olimlari global ilm-fan asoslarini birgalikda yaratdilar.
Samarqand, Buxoro va Marv nafaqat savdo, balki islom dunyosining ilmiy markazlariga aylandi. Mintaqa olimlari diniy va dunyoviy bilimlarga katta hissa qo‘shdilar: Imom Buxoriy va Termiziy hadislarni tizimlashtirdi, Al-Xorazmiy algebra fanini yaratdi, Farobiy va Ibn Sino esa qadimgi falsafani islom tafakkuri bilan uyg‘unlashtirdilar.
Islom ilmi taraqqiyotida Makka va Madina shaharlarining roli ham katta bo‘lib, bu shaharlar hadislarni o‘rganishning asosiy markazlariga aylangan. Ibn Abbos va Molik ibn Anas kabi olimlar hadislarni yig‘ish va tekshirish metodologiyasini ishlab chiqdilar, bu metodologiya islom huquqshunosligining mustahkam poydevoriga aylandi.
Arabiston yarimorolidan Markaziy Osiyogacha cho‘zilgan ushbu ilmiy markazlar tarmog‘i bilimlarning misli ko‘rilmagan darajada tarqalishini ta’minlab, islom dunyosida yagona ilmiy makon shakllanishiga olib keldi.
Biroq XVI asrdan boshlab geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar tufayli an’anaviy aloqalar zaiflashdi. Katta geografik kashfiyotlar davrida dengiz savdo yo‘llarining ochilishi global savdo yo‘llarini o‘zgartirdi va quruqlikdagi savdo yo‘llarining ahamiyatini kamaytirdi.
XX asrda esa xalqaro jarayonlar va yuzaga kelgan mafkuraviy to‘siqlar mintaqalar o‘rtasidagi masofani yanada oshirdi.
1991-yil esa Markaziy Osiyoda xalqaro aloqalar rivojining yangi bosqichi bo‘ldi. Mintaqa davlatlarining mustaqillikni qo‘lga kiritishi ko‘p asrlik sheriklik munosabatlarini tiklash uchun sharoit yaratdi.
Bu davr Markaziy Osiyo bilan GCC o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik birdamlik va cheklangan bo‘lsa-da, muhim iqtisodiy aloqalar bilan tavsiflanadi.
Fors ko‘rfazi mamlakatlari Markaziy Osiyoning yangi mustaqil respublikalarini birinchilardan bo‘lib rasmiy ravishda tan oldi.
Ularning Markaziy Osiyo poytaxtlarida elchixonalar ochishi esa nafaqat rasmiy qadam, balki GCC tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarini tinch rivojlanish va taraqqiyot yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik borligini ifoda etuvchi siyosiy signal bo‘lib xizmat qildi.
II. Mintaqalararo munosabatlarning zamonaviy dinamikasi
2020-yildan boshlab Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi.
Ushbu davrning muhim tendentsiyasi sifatida hamkorlikning institutsional shakllarining rivojlanishi ajralib turadi. Bunga 2022, 2023 va 2024 yillarda bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari sammiti va ikki marta vazirlar uchrashuvlari misol bo‘la oladi.
Mazkur uchrashuvlar natijasida 2023–2027 yillar uchun Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi va bugungi kunda u o‘zaro manfaatli uzoq muddatli sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini belgilovchi birinchi konseptual hujjat sifatida xizmat qilmoqda.
Natijada ko‘p tomonlama munosabatlar dinamikasida sezilarli faollashuv kuzatilmoqda: savdo, turizm va investitsiya almashinuvlari faol o‘smoqda.
So‘nggi yillarda GCC mamlakatlarining Markaziy Osiyoga kiritgan umumiy investitsiya hajmi barqaror o‘sib, 2022-yildan buyon deyarli 3 baravar oshdi.
Moliyaviy hamkorlik, xususan, islomiy moliyalashtirish mexanizmlari orqali ham rivojlanmoqda. Islom taraqqiyot banki (IsDB) MDH davlatlariga 9,1 milliard dollar miqdorida investitsiya yo‘naltirgan bo‘lib, bu mablag‘larning 60 foizi Markaziy Osiyoga to‘g‘ri keladi.
Markaziy Osiyo GCC mamlakatlari turistlari uchun ham jozibali yo‘nalishga aylanmoqda. Misol uchun, 2023-yilda O‘zbekistonni GCC mintaqasidan 8,3 ming turist tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 12 mingtaga yetdi (2023-yilga nisbatan 44,5% o‘sish). Eng katta o‘sish Saudiya Arabistoni (71%) va BAA (51%) hisobiga qayd etildi.
Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda yuz bergan tub o‘zgarishlar natijasida amalga oshdi. Bunga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari darajasidagi Maslahat uchrashuvlari mexanizmining ishga tushirilgani va barcha kelishmovchiliklarga tezkor va o‘zaro maqbul yechimlar topilganligi dalil bo‘la oladi.
Natijada qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo mojarolar ehtimoli bo‘lgan hududdan barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va farovonlik mintaqasiga aylandi.
Bu esa mintaqaning umumiy iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi 7 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti (YaIM) umumiy hajmi 6,3% o‘sdi, ichki mintaqaviy savdo 4,4 barobarga, o‘zaro investitsiyalar hajmi esa deyarli 2 barobarga ko‘paydi.
Yana bir muhim tendentsiya — Markaziy Osiyoning siyosiy subyektivligi ortib bormoqda. Buni "Markaziy Osiyo plyus" formatlarining yaratilgani ko‘rsatadi. Ushbu formatlar tashqi hamkorlarning manfaatlarini uyg‘unlashtirish va ularni Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi yo‘liga yo‘naltirish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda 10 dan ortiq shunday samarali muloqot maydonchalari faoliyat yuritmoqda, ulardan 6 tasi so‘nggi 5 yil ichida tashkil etilgan, shu jumladan MO–GCC formati.
Yuqoridagi omillarni umumlashtirgan holda, so‘nggi yillar ikki mintaqa o‘rtasida tarixiy aloqalarning tiklanishi, ko‘p tomonlama hamkorlikning konseptual va institutsional shakllarining yaratilishi hamda o‘zaro manfaatli sheriklikning asosiy yo‘nalishlari aniqlanishi davri bo‘lganini aytish mumkin.
III. Hamkorlikning strategik maqsadlari
Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari (GCC) siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish borasida o‘xshash maqsadlarga, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalarda umumiy yondashuvlarga ega.
Ikki mintaqa mamlakatlari BMT, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan bormoqda.
Har ikki mintaqa o‘z iqtisodiyotlarini diversifikatsiya qilish, xomashyo resurslariga qaramlikni kamaytirish va barqaror o‘sish modellari yaratish tarafdoridir.
Markaziy Osiyo uchun bu – sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport infratuzilmasini rivojlantirish, Fors ko‘rfazi mamlakatlari uchun esa – innovatsion texnologiyalarni, “yashil” iqtisodiyotni va turizmni ilgari surishni anglatadi.
Ikki mintaqa mamlakatlarining strategik rivojlanish dasturlari maqsad va vazifalari jihatidan o‘zaro mos keladi: Saudiya Arabistonining “Vision 2030”, Omanning “Vision 2040”, Bahraynning “Economic Vision 2030”, BAAning “We The UAE 2031”, Qatar milliy vizioni 2030, Quvaytning “Vision 2035”, shuningdek, Qirg‘izistonning 2040 yilgacha, Qozog‘istonning 2050 yilgacha, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyalari keng ko‘lamli hamkorlik imkoniyatlarini ochmoqda.
Ya’ni, ikki mintaqa davlatlarini xomashyo asosidagi modeldan innovatsiyaga asoslangan, ishlab chiqarish va ilmiy-texnik bilimlar, yangi texnologiyalar yuqori konsentratsiyasiga ega iqtisodiy tizimga o‘tish maqsadi birlashtiradi.
GCC va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarida ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. 2022–2024 yillarda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti o‘rtacha yillik 4,7% o‘sdi. YeABR baholariga ko‘ra, 2024 yilda Markaziy Osiyoning nominal YAIMi qariyb 520 milliard dollarni tashkil etdi.
Fors ko‘rfazi arab mamlakatlari iqtisodiyotlarida ham o‘xshash tendensiyalar kuzatilmoqda. 2023 yilda GCC mamlakatlarining umumiy YAIMi 1,5% o‘sdi (2022 yilda rekord darajadagi 7,9% o‘sishdan so‘ng), 2024 yilda esa o‘sish taxminan 2% atrofida bo‘ldi.
Keyingi birlashtiruvchi omil – ikki mintaqa iqtisodiyotlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligi.
Fors ko‘rfazi mintaqasi global energiya xavfsizligi arxitekturasida asosiy o‘rinni egallaydi va xalqaro investitsiya markazi sifatida rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun moliyaviy tayanch vazifasini bajarmoqda.
Markaziy Osiyoda esa dunyo uran zaxiralarining taxminan 20 foizi, neft va tabiiy gaz zaxiralarining 7 foizi, nodir yer metallarining katta qismi va kuchli gidro hamda quyosh energetikasi salohiyati jamlangan. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mehnat resurslari bazasining barqaror o‘sishi bilan ajralib turadi.
Har ikkala mintaqa ham strategik ahamiyatga ega geografik joylashuvga ega: Fors ko‘rfazi Yevropa, Osiyo va Afrika o‘rtasidagi asosiy dengiz savdo yo‘llarining kesishgan nuqtasida joylashgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo muhim quruqlikdagi transport yo‘llarining strategik chorrahasida joylashgan.
Ya’ni, geografik-strategik nuqtayi nazardan, ikkala mintaqaga ham global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarini bog‘lovchi rol ajratilgan.
Yuqorida qayd etilgan omillar ikki mintaqa davlatlarini tabiiy hamkorlarga aylantirib, savdo-investitsiya hamkorligini kuchaytirish va turli sohalarda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Buni anglagan holda, Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi mamlakatlari allaqachon qator o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ya boshladilar.
IV. Hamkorlikning yangi ufqlari
So‘nggi 7–8 yilda erishilgan hamkorlik darajasi hayratlanarli bo‘lsa-da, ikki mintaqa davlatlari jamlagan ulkan salohiyatni to‘liq aks ettirmaydi. Shu munosabat bilan, quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlar umumiy natijada ko‘paytiruvchi (multiplikativ) ta’sir berishi mumkin.
Birinchi yo‘nalish – savdo almashinuvlarini faollashtirish zarur.
2024 yilda Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 4 milliard dollarni tashkil etdi. Bu GCCning tashqi savdosining 1% dan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining chet el bilan savdo hajmining esa 2% dan kamini tashkil qiladi.
Bu holat Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchi “Markaziy Osiyo – GCC” sammitida ilgari surilgan ko‘p tomonlama Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish zaruratini dolzarb qilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish – mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni samarali modelini qurish uchun ishonchli va rivojlangan transport tarmog‘ini yaratish zarur.
Transport-logistika infratuzilmasining rivojlanmaganligi savdo-iqtisodiy almashinuvlar intensivligini oshirishdagi asosiy to‘siqdir.
Bu borada O‘zbekiston mintaqalararo transport loyihalarini rivojlantirish tarafdori. Xususan, Prezident tomonidan taklif etilgan Trans-Afg‘on koridori loyihasi alohida ahamiyatga ega. Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, bu loyiha savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va logistika xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shunda Markaziy Osiyo Fors ko‘rfazi mahsulot va xizmatlari uchun Yevroosiyo bozoriga kirish “darvozasi”ga aylanishi mumkin. Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari GCC portlari orqali jahon bozoriga eng qisqa yo‘lni topadi.
Uchinchi yo‘nalish – investitsion hamkorlikni chuqurlashtirish.
Markaziy Osiyo – investitsion jozibadorligi ortib borayotgan keng bozor. Mintaqa resurslar, tranzit koridorlar va demografik salohiyatni taklif etmoqda.
Bundan tashqari, mintaqa ichki siyosiy barqarorlik va tashqi siyosatda neytralligi bilan ajralib turadi, bu esa uzoq muddatli investitsiyalar uchun xavfsiz makon yaratadi.
GCC mamlakatlari uchun sarmoya portfelini diversifikatsiya qilish imkoniyati bilan bir qatorda, bu holat Markaziy Osiyoni tabiiy investitsiya markaziga aylantiradi.
Bu istiqbol hozirgi investitsion hamkorlikni tizimlashtirish va muvofiqlashtirishni talab qiladi. Ikkala mintaqa davlatlari infrastruktur, energetika va yuqori texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni muvofiqlashtiradigan moliyaviy mexanizmlarni yaratishi mumkin.
To‘rtinchi yo‘nalish – agro-sanoat sohasida hamkorlikni rivojlantirish.
Markaziy Osiyo mamlakatlari GCC mintaqasining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda yetakchi rolni o‘ynashi mumkin.
GCC davlatlari oziq-ovqat mahsulotlarining 85% ini import qiladi va 2028 yilga borib ularning oziq-ovqat ehtiyoji 59,6 million tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda.
Bu sharoitda Markaziy Osiyo va GCC davlatlari birgalikda agroklasterlar yaratishi va mahsulotni Fors ko‘rfazi bozoriga eksport qilishi mumkin.
Beshinchi yo‘nalish – raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish.
Mutaxassislar almashinuvi dasturlari va elektron hukumat, kiberxavfsizlik, fintex sohalaridagi qo‘shma loyihalar orqali raqamli hamkorlikni kuchaytirish mumkin.
Keyingi qadam sifatida Markaziy Osiyoda 5G tarmoqlari va ma’lumot markazlarini qurish orqali telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Bu GCC kompaniya va fondlariga Markaziy Osiyoning texnologik sohasida o‘z o‘rnini topishga qo‘shimcha rag‘bat beradi.
Boshqa muhim yo‘nalish – ilmiy-intellektual hamkorlikni mustahkamlash.
Ikkala mintaqaning tadqiqot institutlari va tahliliy markazlari rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashda muhim rol o‘ynashi kerak.
Shu maqsadda, yaqin orada Toshkentda (O‘zbekiston) birinchi “Markaziy Osiyo – GCC” tahliliy markazlar forumi o‘tkaziladi.
Forum mavzusi: “Markaziy Osiyo va GCC o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash: tarixiy aloqalardan keng qamrovli hamkorlik sari”.
Forumni O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti hamda Saudiya Arabistonidagi yetakchi tadqiqot markazi – Gulf Research Center tashkil qilmoqda.
Bu forum muntazam ekspertlar almashinuvining boshlanishi sifatida ko‘rilmoqda. Yaratilayotgan platforma rasmiy hamkorlik mexanizmlarini to‘ldiruvchi vositalardan biriga aylanishi mumkin.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo va GCC o‘rtasidagi hamkorlik real strategik istiqbollarni ochmoqda.
Ikkala mintaqani nafaqat madaniy-tarixiy yaqinlik, balki iqtisodiyotlarning o‘zaro to‘ldiruvchanligi ham birlashtirib turibdi.
Ular barqaror rivojlanish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, raqamli transformatsiya kabi sohalarda yangi ko‘p tomonlama hamkorlik modelini yaratishlari mumkin.
Eldor Aripov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti direktori
Abdulaziz Sager
Saudiya Arabistonidagi Gulf Research Center direktori