Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish — Markaziy va Janubiy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlik garovi

Markaziy va Janubiy Osiyo iqtisodiy, demografik va resurs salohiyatiga ega bo‘lgan mintaqalar bo‘lishiga qaramay, hanuzgacha dunyodagi eng kam integratsiyalashgan hududlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish nafaqat iqtisodiy zarurat, balki mintaqaviy xavfsizlik, barqaror taraqqiyot va tinchlikni ta’minlash kabi strategik vazifalardan kelib chiqadigan imperativ hisoblanadi.
Tarixan bu ikki mintaqa, eng avvalo Buyuk Ipak yo‘li doirasida, savdo va madaniy yo‘llar orqali chambarchas bog‘langan edi. Biroq XIX–XX asrlardagi geosiyosiy silkinishlar, xususan Afg‘onistondagi uzoq davom etgan mojarolar hamda tashqi kuchlar raqobati bu aloqalarning uzilishiga va o‘zaro ajralib qolishga olib keldi.
Bugungi globallashuv sharoitida ushbu uzilgan aloqalarni tiklash xalqaro savdo va iqtisodiy integratsiya nuqtai nazaridan obyektiv zaruratga aylanmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish maqsadida dengiz portlariga chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Janubiy Osiyo esa energetika va suv resurslariga, shuningdek yangi bozorga chiqishga qiziqish bildirmoqda. Mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy o‘zaro to‘ldiruvchanlik esa o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Ushbu mintaqaviy bog‘liqlik kun tartibini ilgari surishda yetakchi rolni O‘zbekiston o‘ynamoqda. 2020-yil dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida tashqi siyosatning janubiy yo‘nalishini strategik ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi. O‘zbekiston zamonaviy tarixida ilk bor Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni faollashtirish, Afg‘onistonda tinchlikka erishishga ko‘maklashish va ushbu mamlakatni ikki mintaqani bog‘lovchi tabiiy ko‘prik sifatida tiklash niyatini rasman e’lon qildi.
Mazkur tashabbusni amalga oshirishda muhim voqea sifatida 2021-yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyani qayd etish mumkin. Mazkur tadbir ikki mintaqa yaqinlashuvi bo‘yicha bayonotlardan amaliy qadamlarga o‘tilganini anglatdi.
Konferensiyada 44 davlatdan 250 dan ortiq ishtirokchi hamda 30 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari qatnashib, Markaziy va Janubiy Osiyo yaqinlashuviga oid tizimli yondashuvni shakllantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Bular savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, tovarlar, xizmatlar va kapital harakati yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, savdo va logistika sohasida raqamli integratsiyani xalqaro tashkilotlar ishtirokida rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, giyohvand moddalar kontrabandasiga va terrorizmga qarshi kurashish, ekologik hamkorlik, turizm, ta’lim dasturlari va forumlar orqali gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha choralar taklif etildi.
Ushbu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muloqotning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyillari va yo‘nalishlarini mustahkamlovchi rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun taqdim etish taklifi ilgari surildi. Ushbu tashabbus keng qo‘llab-quvvatlandi va BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida mazkur rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Hujjatning hammualliflari sifatida dunyoning turli mintaqalaridan 40 ta davlat ishtirok etdi.
Bu konsepsiyani amalga oshirishga mintaqalararo hamkorlikning amaliy faollashuvi xizmat qilmoqda. Bu esa ikki mintaqa davlatlarining sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha harakatlariga to‘liq mos keladi. Ushbu harakatlar ayniqsa iqtisodiy hamkorlik sohasida sezilarli natijalar bermoqda — bu yo‘nalishda barqaror ijobiy dinamika kuzatilmoqda.
Agar ilgari Janubiy Osiyo asosan Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq tahdidlar prizmasida qaralgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda e’tibor konstruktiv hamkorlikka qaratila boshlandi. Masalan, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2017-yilda 36,5 million AQSh dollaridan 2024-yilga kelib 400 million dollardan oshdi. Pokiston Bosh vaziri Shaboz Sharifning 2024-yil fevralida O‘zbekistonga qilgan tashrifi davomida tomonlar savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish va qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib oldilar.
Hindiston bilan munosabatlarda ham ijobiy o‘sish kuzatilmoqda: o‘zaro savdo hajmi 2017-yildagi 323 million dollardan 2024-yilda 1 milliard dollarga yetdi. Ushbu raqamlar iqtisodiy manfaatdorlikning oshib borayotgani bilan bir qatorda, siyosiy irodaning mustahkamlanayotganini ham ifodalaydi.
Mintaqaviy hamkorlik arxitekturasi doirasida Afg‘oniston alohida o‘rin egallaydi — u O‘zbekistonning eksport bo‘yicha beshinchi yirik bozori hisoblanadi. So‘nggi besh yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 1,5 barobarga oshib, 2024-yilda 1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda 550 ta afg‘on kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 443 tasi to‘liq afg‘on sarmoyasiga ega. Qo‘shma loyihalar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va to‘qimachilik kabi sohalarni qamrab olgan.
Transport sohasida bog‘liqlikni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam sifatida Termiz shahrida xalqaro transport-logistika markazi — Termez Cargo Center tashkil etildi. Markaz “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yuritib, bojxona rasmiylashtiruvi, bank va soliq operatsiyalari, sanitariya nazorati, sertifikatlash, valyuta ayirboshlash, transport va mehmonxona xizmatlari kabi keng ko‘lamli xizmatlarni ko‘rsatmoqda. Ayniqsa gumanitar logistikaga alohida e’tibor qaratilgan — Afg‘oniston va unga tutash davlatlarga yo‘naltirilgan yuklar soddalashtirilgan va ustuvor bojxona tartibida rasmiylashtirilmoqda.
O‘zbekistondan ilgari surilayotgan tashabbuslar so‘nggi yillarda Janubiy Osiyo bilan yangi strategik kun tartibini shakllantirishga imkon berdi. Aholisi 2 milliarddan ortiq, yalpi ichki mahsuloti esa 3,4 trillion AQSh dollarini tashkil etuvchi Janubiy Osiyo, O‘zbekiston uchun tashqi iqtisodiy ishtirokini kengaytirish yo‘lida eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi nafaqat savdoning o‘sishiga, balki barqaror rivojlanish sharoitlarini yaratishga ham xizmat qiladi – bu resurslarning yanada teng taqsimlanishi, transport xarajatlarining kamaytirilishi va iqtisodiyotlarning diversifikatsiyasi orqali amalga oshadi. Bu kontekstdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri transport infratuzilmasini rivojlantirishdir.
Mazkur yo‘nalishda asosiy loyiha – “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish bo‘lishi mumkin. Bu loyiha 2018-yilda O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan edi. Bugungi kunda Markaziy Osiyodan xalqaro portlargacha bir konteynerni yetkazish dengizga chiqish imkoniga ega mamlakatlarga qaraganda besh baravar qimmatroq turadi. Loyihaning amalga oshirilishi bu xarajatni uch baravarga qisqartirishga – 900 dollardan 286 dollargacha tushirishga, yuk yetkazish muddatini esa 35 kundan 3–5 kungacha kamaytirishga xizmat qiladi. Bu esa mintaqa iqtisodiy dinamikasini tubdan o‘zgartiradi, eksport imkoniyatlarini kengaytiradi va investitsiyalarni jalb etadi.
Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston uchun logistik xarajatlarning qisqarishi nihoyatda muhimdir. O‘rtacha olganda, bu kabi davlatlar eksportdan tushgan daromadlarining 18 foizini transport xarajatlariga sarflaydi, bu ko‘rsatkich dengizbo‘yi davlatlarda 9 foizni tashkil qiladi. BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hollarda Markaziy Osiyo davlatlari import qilinayotgan mahsulotlar qiymatining 60 foizigacha bo‘lgan qismini transport xarajatlariga sarflaydi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, infratuzilmaviy loyihalarning texnik amalga oshirilishi jarayonning faqat bir jihatini tashkil qiladi. Ularning samarali faoliyati tranzit yo‘nalishlarida barqaror xavfsizlik ta’minlanishiga bog‘liq. Afg‘onistonda mustahkam tinchlikning yo‘qligi sharoitida transafg‘on yo‘laklari asosan hali hamon kontseptual loyihalar darajasida qolmoqda. Bu esa iqtisodiy bog‘liqlik va siyosiy barqarorlikning uzviy aloqadorligini ko‘rsatadi: xavfsizlikning ishonchli tizimi yaratilmas ekan, mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirish mushkul bo‘ladi.
Shu bilan birga, Janubiy Osiyoning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va Markaziy Osiyo eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan CASA-1000 va TAPI kabi energetik loyihalar ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, TAPI loyihasi Turkmanistondan Afg‘oniston va Pokiston orqali Hindistonga yiliga 33 milliard kub metr gaz yetkazib berishni ko‘zda tutadi. Bu loyiha Osiyo taraqqiyot banki, shuningdek, “Gazprom”, Chevron va ExxonMobil kabi yirik energetika kompaniyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Biroq bu loyihalarning muvaffaqiyati faqat iqtisodiy manfaatlar bilan emas, balki siyosiy iroda, xavfsizlikni ta’minlash va investorlarning mintaqadagi beqaror vaziyat bilan bog‘liq xatarlarni qabul qilishga tayyorligiga ham bog‘liq.
An’anaviy energetikaga qo‘shimcha ravishda, yadro energetikasi sohasida ham hamkorlik istiqbolli yo‘nalish bo‘lib bormoqda. Dunyodagi eng katta uran zaxiralariga ega bo‘lgan Qozog‘iston eksportni, jumladan Hindistonga yetkazib berishni faol kengaytirmoqda. Imzolangan bitimlarga muvofiq, Qozog‘iston 2030-yilgacha Hindistonga 2100 tonnagacha uran yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu Hindistonning yadro yoqilg‘isiga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish bilan birga, o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytiradi va strategik hamkorlikni kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida barqaror o‘zaro bog‘liqlikni shakllantirish ko‘p qirrali, kompleks yondashuvni talab qiladigan vazifadir: bu infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlik bo‘yicha ishonch va muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichini boshlab beruvchi noyob imkoniyatlarni yaratmoqda. Biroq bu tashabbuslarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashuvi, amaldagi hokimiyatning xalqaro tan olinishi, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikning yumshatilishi hamda mintaqadagi barcha davlatlarning chuqur va barqaror hamkorlikka siyosiy tayyorligiga bog‘liq.
Markaziy va Janubiy Osiyoning yagona, barqaror va farovon mintaqa sifatidagi kelajagi aynan bugun – o‘zaro bog‘liqlik, ishonch va barqaror rivojlanishni kuchaytirishga qaratilgan qarorlar, sa’y-harakatlar va tashabbuslar orqali shakllanmoqda. O‘zbekistonning izchil progressiv kursi va mintaqa davlatlarining faol ishtiroki ko‘p qirrali hamkorlik uchun keng ufqlarni ochmoqda.
Tanbayev O., katta ilmiy xodim, MICA