Polsha Seymi spikeri o‘rinbosari Kshishtof Bosak bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi

Polsha Seymi spikeri o‘rinbosari Kshishtof Bosak bilan O‘zbekiston delegatsiyasining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Polsha parlamentlari o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirish, parlamentlararo aloqalarni institutsional darajada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Tomonlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun parlament diplomatiyasining muhim vosita ekanligini qayd etdilar.
Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikning holati atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish, transport-logistika yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat va ishlab chiqarish sohalarida sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda savdo-sotiq uchun qulay infratuzilma yaratish muhim ekani alohida ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va amaliy natijalarga erishish maqsadida muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.