O‘zbekiston va AQSh: ikki tomonlama munosabatlarning evolyutsiyasi va keyingi yaqinlashuv traektoriyalari

Hozirgi bosqichda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar yangi turtki oldi. Ular rasmiy diplomatiya doirasidan chiqib, yanada chuqur va ko‘p qirrali hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Bugun siyosiy muloqot faol rivojlanmoqda, iqtisodiy va biznes aloqalar kengaymoqda, shuningdek, gumanitar va insonlararo aloqalar mustahkamlanmoqda.
2017 yilgacha O‘zbekiston–Amerika hamkorligi asosan mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistondagi vaziyat masalalariga qaratilgan edi, shunga muvofiq iqtisodiyot va investitsiyalarda sezilarli taraqqiyot deyarli kuzatilmagan. Biroq Shavkat Mirziyoyevning saylanishi va uning 2018 yilda Vashingtonga tashrifi ortidan hamkorlik strategik tus ola boshladi. Ta’kidlash joizki, bu O‘zbekiston yetakchisining so‘nggi 16 yil ichida AQShga qilgan ilk tashrifi bo‘lib, yangi ishonch darajasini belgilab berdi. Prezident Donald Tramp bilan muzokaralar chog‘ida yirik amerikalik kompaniyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 4,8 milliard dollardan ortiq summaga teng keladigan bitimlar va memorandumlar imzolandi.
Munosabatlardagi ijobiy tendensiyalar avvalo O‘zbekistonning ichki siyosatidagi transformatsiyalar va Toshkentning pragmatik mintaqaviy tashqi siyosati bilan bog‘liq edi. Natijada diplomatik aloqalar zichligi sezilarli darajada oshdi: tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muntazam muloqot yo‘lga qo‘yildi, bu esa tizimli hamkorlik shakllanishiga xizmat qildi.
2020-yillardan boshlab munosabatlar ko‘p darajali tuzilma sifatida rivojlandi. 2021 yilda siyosiy maslahatlashuvlar formati “O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlik dialogi”ga aylantirildi. U iqtisodiyot, xavfsizlik va ekologiyani qamrab oladi. Uning ilk yig‘ilishi Toshkentda bo‘lib o‘tdi va kompleks hamkorlikning asosini yaratdi.
2024 yilda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga chiqib, rasmiy ravishda kengaytirilgan strategik hamkorlik darajasi o‘rnatildi. Uning asosida ustuvor yo‘nalishlarning uyg‘unligi yotadi: O‘zbekiston chuqur iqtisodiy modernizatsiya, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jahon bozorlariga integratsiyalashuv va raqobatbardosh iqtisodiyot yaratishga intilmoqda. Qo‘shma Shtatlar esa bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab, islohotlar jarayoniga sodiqligini tasdiqlamoqda va amerikalik biznesning O‘zbekistonda ochilayotgan yangi imkoniyatlarda faol ishtirokini rag‘batlantirmoqda.