RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 844 bemordan 11 nafarining ahvoli ogʻir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 3 ming 718 bemor roʻyxatga olingan. Kuni kecha 22 nafar, jami 2 ming 859 nafar, yaʼni 77 foiz bemor toʻliq sogʻaygan va reabilitatsiya markazlariga oʻtkazilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 844 bemor davolanmoqda, 9 nafarining ahvoli ogʻir, 2 nafarining ahvoli oʻta ogʻir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. 46 mingdan koʻproq fuqaro karantin muddatlarini oʻtayapti. Koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat jiddiyligicha saqlanib turibdi. Kuni kecha kasallik qayd etilgan 79 fuqaroning 15 nafari aholi orasida aniqlangan. 13 nafari Toshkent shahrida, 1 nafari Sirdaryo va yana 1 nafari Toshkent viloyatida. Ming afsuski, oxirgi aniqlangan 16 bemorning 2 nafari yana Toshkent shahriga toʻgʻri kelyapti. Ushbu bemorlar Yashnobod tumani aholi orasida aniqlangan.
Bundan koʻrinib turibdiki, ortiqcha zaruratsiz koʻchaga chiqmang, koʻchaga chiqdingizmi, albatta, doka niqobda boʻling. Muloqotdan oʻzingizni tiying, masofani saqlang. Odamlar toʻplanadigan, joyga borishdan oʻzingizni saqlang. Tibbiyot xodimlarining barcha tavsiyalariga rioya qiling. Uyga qaytganingizdan keyin, albatta, qoʻllaringizni antiseptik vositalar bilan zararsizlantiring. Shunday qilibgina kasallanishdan saqlanishimiz mumkinligini yoddan chiqarmang!
Manba: O'zA