Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni taʼminlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi koʻrsatkichlari oshishiga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, soʻnggi toʻrt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamgʻarmasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pogʻonaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pogʻonaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pogʻonaga koʻtarildi.
Oʻzbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash” tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga koʻtarildi.
Shu bilan birga, ayrim rahbarlar reytinglar bilan ishlashga yetarlicha eʼtibor qaratmayotganligi va xalqaro tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan soʻrovlarda aksariyat islohotlar oʻz aksini topmayotganligi oqibatida ustuvor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasi quyi pogʻonalarda qolmoqda.
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash, davlat organlari va tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish;
Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish;
davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning oʻrniga taʼsiri nuqtayi nazaridan kompleks baholab borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi Kengashning ishchi organlari etib belgilansin.
Kengash ishchi organlari boʻyicha taqsimlangan Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilashga qaratilgan taʼsirchan choralar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi hamda ushbu yoʻnalishda tizimli xalqaro hamkorlik olib borilishi ustidan Kengash tomonidan nazorat oʻrnatiladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting va indekslarning Kengash ishchi organlari boʻyicha taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Masʼul davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning bosh mezonlaridan biri etib Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – KPI) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mutasaddi vazirlik va idoralar oʻzlari masʼul boʻlgan reyting va indekslarning eʼlon qilinishi muddatlari va ularning metodologiyalarini hisobga olgan holda, KPIga erishish maqsadida:
bir oy muddatda 2020-yil ikkinchi yarmi davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlarini;
har yil 1-dekabrga qadar kelgusi yil davomida amalga oshirishi lozim boʻlgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Kengashga kiritilishini taʼminlasin.
Bunda, xalqaro reyting va indekslarning navbatdagi nashrida zarur koʻrsatkichni qayd etishga qaratilgan amaliy takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, reyting va indekslarni eʼlon qiluvchi tashkilotlar hamda ularni tuzishda foydalaniladigan axborot manbalari bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini nazarda tutish lozim.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq masʼul davlat organlarining birinchi rahbarlari har chorak yakuni boʻyicha:
keyingi oyning 15-sanasiga qadar Kengash ishchi organlariga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallarni taqdim etadi;
keyingi oyning 30-sanasiga qadar Kengash raisi yoki oʻrinbosarining rahbarligida oʻtkaziladigan yigʻilishlarda tegishli xalqaro reyting va indekslarda KPI ga erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot beradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PF–5687-son Farmoni bilan tashkil etilgan Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya zimmasiga Kengash faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish va Kengash yigʻilishlari oraligʻida tegishli yoʻnalishda masʼul davlat organlari ishini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatilsin.
6. Masʼul davlat organlari hamda tadqiqot institutlari tegishli xalqaro reyting va indekslar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi maʼlumotlarni Kengash ishchi organlariga muntazam ravishda taqdim etib borsin.
7. Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksida Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini aks ettirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida adliya organlari va muassasalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida 6 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu boshqarmaning yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar Internet tarmogʻida “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalining (keyingi oʻrinlarda – portal) ishga tushirilishini taʼminlasin.
Kengash ishchi organlari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda portal faoliyatining uzluksiz ishlashini taʼminlash va uni yangilab borish uchun masʼul etib belgilansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi masʼul davlat organlari bilan birgalikda muntazam ravishda davlat va jamiyat hayotining xalqaro reyting va indekslar, ularning tarkibiy indikatorlarida baholanadigan sohalariga oid davlat siyosatidagi oʻzgarishlar va islohotlarning mohiyatini yoritish hamda sohada jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida keng qamrovli targʻibot ishlarini amalga oshirsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2020-yil 2-iyun
Manba: O'zA