O‘zbekiston tashabbusi bilan turizm sohasini tiklashga bag‘ishlangan xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida turizm sohasini tartibga solishda tezkor bilim va tajriba almashish masalalariga bag‘ishlangan “Tiklanish yo‘li” xalqaro onlayn turizm konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro tadbir O‘zbekiston tomon tashabbusi bilan Butunjahon turizm tashkiloti (BTT) shafeligida o‘tkazildi.
Onlayn konferensiyada BTT Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Belarus davlatlarining turizm maʼmuriyatlari rahbarlari ishtirok etishdi.
Konferensiya qatnashchilari turizm va mehmondo‘stlik sohasida COVID-19 pandemiyasining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha fikr va tajriba almashishdi. Shu bilan birga, ichki turizmni qayta tiklash va xalqaro turizm almashinuviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ustuvor choralarni ko‘rish masalalarini muhokama qilishdi.
Xorijiy hamkorlar O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va tiklash, sanitariya-gigiyena standartlarini takomillashtirish va turizm xizmatlarini tashkil etishning yangi talablariga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng va maqsadli chora-tadbirlar bilan tanishtirildi. Tadbir ishtirokchilari, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miriziyoyevning 2020-yil 28-maydagi "Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonida ko‘rsatilgan turizm bozori ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlariga katta qiziqish bildirishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi