Kanada Tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbat
2020-yil 4-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Kanada Tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston-Kanada munosabatlarining holati va faollashtirish istiqbollari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik ko‘rib chiqildi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kanada biznesining O‘zbekiston bozoriga faol kirishi va qayta tiklanadigan energiya, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdorlik izhor etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning ajralmas tarkibiy qismi xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik ekani ta’kidlandi. Tomonlar BMT va uning ixtisoslashgan institutlari doirasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Fransua-Filipp Shampan O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi roli va o‘rnini qayd etar ekan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi tashabbuslarini amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, vazirlar Afg‘oniston masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘nalishga tezroq o‘tishi, mamlakatni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy va infratuzilma jarayonlariga jalb qilish zarurligini ta’kidladilar.
Suhbat chog‘ida COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq dunyodagi mavjud vaziyat ko‘rib chiqildi. Pandemiyaning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun birgalikda harakat qilish muhimligi qayd etildi. Shu o‘rinda Kanada TIV rahbari O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun 250 ming Kanada dollari ajratilishini ma’lum qildi.
Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.