RASMIY BAYONOT: Koronavirusga chalingan fuqarolardan 3 nafari Toshkent shahri aholisi orasidan aniqlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 22 nafarga yetdi. 5-iyun kuni 160, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 247 nafar, yaʼni 80 foizdan ziyod bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 759 bemor davolanmoqda, 10 nafarining ahvoli ogʻir, 3 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. 49 mingdan koʻproq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Kuni kecha 16 mingdan koʻproq laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazilgan.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. Koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. 5-iyun kuni qayd etilgan 20 bemorning 6 nafari Samarqand viloyatida, 5 nafari Buxoro viloyatida va yana 5 nafari Toshkent viloyatida, 4 nafari Qashqadaryo viloyatida aniqlangan. Ularning 7 nafari aholi orasida qayd etilgani barchamizni sergak torttirishi kerak. Ming afsuski, oxirgi aniqlangan 15 bemorning 3 nafari Toshkent shahri aholisi orasida qayd etildi. Shunday qilib, Toshkent shahrining Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod, Mirobod tumanlarida koronavirus kasalligiga chalinish holatlari aholi orasida qayd etilyapti.
Atrofimizda kasallikka chalingan odamlar yoʻqligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Karantin va cheklov tadbirlariga rioya qiling. Shundagina epidemik vaziyatga ijobiy taʼsir koʻrsatamiz. Aks holda vaziyat murakkablashishi, jiddiy choralar koʻrilishi mumkinligini unutmang!
Manba: O'zA