O‘zbekiston Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi Boshqaruv kengashiga saylandi
Bangkok (Tayland) shahrida Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) 76-sessiyasi KUDO-live platformasida onlayn rejimda o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Innovatsion rivojlanish vazirligi manbasiga asoslanib.
Tadbirda jami 51 ta a’zo davlat, 3 ta assotsiatsiya a’zosi, 8 ta kuzatuvchi davlat ishtirok etdi. Sessiyada O‘zbekistondan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi vakillari ishtirok etdi.
Ilk marotaba virtual rejimda o‘tkazilgan ESKATO sessiyasi delegatsiyalari dasturning har bir yo‘nalishi bo‘yicha muhim mavzularni muhokama qildilar.
Jumladan, ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ishtirokchilarga Pekin+25 (ESCAP/76/8) tadqiqotlari bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani Vazirlar konferensiyasining ma’ruzasi taqdim etildi. Osiyo-Tinch okeani deklaratsiyasida a’zo davlatlar Pekin deklaratsiyasi va harakatlar platformasini tezlashtirish uchun zarur bo‘lgan asosiy harakatlarni belgilab oldilar. Xususan, gender tengligini ta’minlash, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va muxolifat salohiyatini rivojlantirish, ma’lumotlar va statistika, sheriklik va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha fikrlar almashildi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasida gender tengligi masalasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, xususan, 2019 yilda «Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Tadbirda, shuningdek, kelgusi sessiya mavzusi va sanasi komissiya tomonidan tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ESCAPning 77-sessiyasi yig‘ilishi 2021 yilning 26-30 aprel kunlari Bangkokda (Tayland) o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘z navbatida, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) Boshqaruvi kengashining saylovlar natijalari e’lon qilindi. Saylovlar natijasi bo‘yicha Boshqaruv kengashiga keyingi uch yillik muddatga (2020-2023) Bangladesh, Xitoy, Indoneziya, Eron, Nepal, Pokiston, Janubiy Koreya, Shri-Lanka, Tayland va O‘zbekiston davlatlari saylandi.
Yig‘ilish yakunida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqaror rivojlanish uchun okean, dengiz va dengiz resurslaridan barqaror foydalanishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi pandemiya va inqirozlarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.