O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram faxriylar!
Hurmatli mehmonlar!
Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni Ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaning 74 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugun barchamiz avvalo buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, mana shu yorug‘ kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarni yod etamiz, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida ta’zim qilamiz. Shafqatsiz urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat ko‘rsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Hech shubhasiz, oradan qancha yillar, zamonlar o‘tmasin, buyuk G‘alabaning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib boraveradi.
Ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyodagi ko‘plab xalqlar qatorida bu mudhish urushda chinakam qahramonlik ko‘rsatdilar. Bu so‘nmas jasorat, mana, 74 yildirki, biz uchun mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib kelmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Haqiqatan ham, 9-may – G‘alaba kuni el-yurtimizning asl farzandlari besh yil davomida mardona jang qilib, yovuz dushmanni tor-mor etgan, mislsiz talofatlar evaziga erishgan shon-sharaf ayyomidir.
Bu – hech qachon unutilmaydigan, hech qanday kuch bizdan tortib ololmaydigan buyuk tarix, qudratli ma’naviy boyligimiz, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Biz bu tarixdan kuch-quvvat olamiz. Bu tarix bizni tinchlikni asrab, barcha xalqlar bilan do‘st va hamkor bo‘lib, yorug‘ kelajak bunyod etishga da’vat etadi.
Ushbu tantanali, ayni vaqtda ma’yus kunlarda o‘tmishdan zarur saboq va xulosalar chiqarish uchun urush davriga qayta-qayta murojaat qilishimiz tabiiydir.
Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda 1 yarim milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qatnashgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak yo‘qolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik 120 mingdan ziyod askar va ofitser jang maydonlaridagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Ularning orasida 280 nafar Sovet Ittifoqi Qahramoni, 82 nafar uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgan jasur insonlar borligini alohida ta’kidlash lozim.
O‘sha olovli yillarda O‘zbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – g‘alaba uchun!” deb yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz og‘ir mehnat qildi. Respublikamiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi.
Yurtimizdan jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab qurol-yarog‘lar, harbiy-sanitariya poyezdlari, yuzlab dala oshxonalari, palatkalar, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.
O‘zbekiston ahli urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, o‘z nonini ular bilan baham ko‘rdi. Ayniqsa, ota-onasi, oilasidan judo bo‘lgan 200 ming nafar begunoh bolalarni “Sen yetim emassan!” deb bag‘riga bosib, mehr-muruvvat ko‘rsatdi.
Albatta, bu raqamlar – shunchaki statistik ma’lumotlar emas. Bu raqamlar boshimizdan kechirgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. Shu bilan birga, bugungi tinch va go‘zal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh bo‘lishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Hurmatli vatandoshlar!
Barchangizga ma’lum, Ikkinchi jahon urushida, mehnat frontida ishtirok etgan mo‘’tabar faxriylarimizga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelmoqda.
Bugungi ozod va erkin hayot uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun biz ularning oldida cheksiz qarzdormiz.
Bu aziz insonlarni asrab-avaylash, ularning sog‘-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish – hammamizning muqaddas insoniy burchimizdir. Ayniqsa, rahbar va mutasaddilar buni birinchi navbatda chuqur his etishlari lozim.
Biz shu maqsadda boshlagan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz, shu yo‘lda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz.
Aziz do‘stlar!
Xabaringiz bor, kelgusi yili G‘alabaning 75 yillik bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.
Hozirgi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan birga bu qutlug‘ sanani munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Jumladan, O‘zbekiston xalqining buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini aks ettiradigan, g‘oyat muhim tarixiy ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan kitob-albom nashrga tayyorlanmoqda.
Ayni vaqtda Toshkent shahrining eng ko‘rkam maskanlaridan birida ushbu shonli sanaga bag‘ishlab ulkan G‘alaba bog‘ini barpo etamiz. Bu borada loyiha-qurilish ishlarini boshlab yuborganimizni bugun sizlarga ma’lum qilmoqchiman.
Albatta, bu bog‘ va uning tarkibida bunyod etiladigan shon-shuhrat muzeyini eng go‘zal va puxta ishlangan loyihalar asosida yaratamiz. Ammo bu muhtasham yodgorlik majmuasining ma’no-mazmuni, muzey ekspozitsiyasini shakllantirishda biz muhtaram faxriylarimiz, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalariga tayanamiz.
Shuning uchun buyuk G‘alabaga hissa qo‘shgan vatandoshlarimiz hayoti, jasorat va matonatini yanada chuqurroq o‘rganishimiz, bu haqda yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va spektakllar yaratishimiz kerak. Yoshlarimiz kimlarning jasorati tufayli qariyb 75 yil mobaynida urush balosini ko‘rmasdan, tinch va baxtli zamonda yashayotganimizni bilishi va buning qadriga yetishi zarur.
Mana, barchamiz guvohmiz, o‘sha dahshatli janglarda ishtirok etgan, urushning azob-uqubatlarini ko‘rgan kishilar soni, afsuski, kamayib bormoqda. Hatto ularni tanigan, bilgan odamlar safi ham kamaymoqda. Bunday insonlar, ularning har bitta so‘zi oltinga teng bo‘lib bormoqda.
Shuning uchun urush haqidagi, urush qahramonlari haqidagi ma’lumotlarni ulardan yozib olib, xalqimizga yetkazishimiz kerak. Joylarda, ta’lim-tarbiya maskanlarida “Mahallamiz qahramonlari”, “Vatan himoyachilari” degan tasviriy ko‘rgazmalar tashkil etsak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘ladi.
Bu ko‘rgazmalarda urush ishtirokchilari bilan birga mustaqillik yillarida tinch-osoyishta hayotimizni himoya qilish yo‘lida mardlik ko‘rsatgan askar va ofitserlarimiz to‘g‘risida ham ma’lumotlar o‘z aksini topishi maqsadga muvofiqdir.
Shu tariqa biz o‘z tariximizni, ajdodlarimizga xos jasorat va matonat tuyg‘usini, jangovar an’analarni kelgusi avlodlarimizga meros qilib qoldirishga erishamiz. Bu ishlarni bugun qilmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin.
Fursatdan foydalanib, men barchangizni tarixni o‘rganishda yanada uyg‘oq, yanada faol bo‘lishga chaqirmoqchiman. Tarixga sergak qaragan odamgina doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashaydi. Bugungi vaziyatga ham, kelgusi jarayonlarga ham xolis va haqqoniy baho bera oladi. Bu esa hozirgi murakkab va shiddatli zamonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, yuksak taraqqiyotga erishishning eng muhim shartidir.
Aziz do‘stlar!
Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, tabarruk Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va botir o‘g‘lonlarni voyaga yetkazgan ulug‘ zot – onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.
Bamisoli sabr-bardoshdan yaralgan, urush yillarida muqaddas Vatan timsoliga aylangan bunday metin irodali onalar yurtimizda ko‘plab topiladi.
So‘zimning isboti uchun bir misol keltirmoqchiman. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida Zulfiya aya Zokirova ismli bir mo‘’tabar onaxon yashab o‘tganlar. Tom ma’noda buyuk bu insonning jasoratini ta’riflashga til ojiz.
Turmush o‘rtog‘i Xolmat aka vafot etgach Zulfiya aya besh o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar.
Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dog‘ini ko‘rishdan ham og‘ir yo‘qotish yo‘q. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan.
O‘zingiz ayting, qadrli do‘stlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi?
Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon o‘zbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta ko‘ksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, qanchalik metin sabr-bardosh bo‘lishi kerak!
Yovuz urush tufayli ayaning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qoldi. Uning o‘zi esa bir umr motamda yashadi. Lekin hech qachon umid-sizlikka tushmadi, o‘g‘illarining so‘nmas xotirasi, yorug‘ kunlar yodi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, orzu-umidlari bilan yashadi.
“Joyi chiqsa, turmush qilinglar, men sizlardan mingdan-ming roziman”, deydi Zulfiya aya kelinlariga. Lekin ular ham Zulfiya ayadan o‘rnak olib, unga madad bo‘lib, barchasi o‘z yoriga, oilasiga sodiq qoladi, boshqa turmush qurmaydi.
Mana, o‘zbek ayollarining, o‘zbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati!
Mana, sevgi va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qudrati!
Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va o‘rnak olishlari kerak!
Hayotda biron-bir qiyinchilikka duch kelsa, umid-sizlikka tushmasdan, ularni bardosh bilan yengib o‘tishda Zulfiya Zokirova va uning oilasi yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat maktabi emasmi?
“Yaxshilar yodi hech qachon unutilmaydi”, deydi xalqimiz. Biz ezgu niyat bilan barpo etadigan G‘alaba bog‘i markaziga Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatsak, unga “Matonat madhiyasi” deb nom bersak, nima deysizlar?
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi yangi hayot, beqiyos o‘zgarishlar hammamizdan yangicha safarbarlikni talab etmoqda. Mana shu jarayonda tinchlikni asrash, dunyodagi taraqqiyparvar xalqlar, davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bosh vazifamizga aylanmoqda.
O‘zbekiston tashqi siyosatida uzoq-yaqin barcha davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli, do‘stona aloqalarni rivojlantirish bundan buyon ham ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Ayni vaqtda yana bir haqiqatni ham hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak. Eng katta, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlikka raxna solish, turli xalqlar o‘rtasida urush olovini yoqish, milliy va diniy ziddiyatlarni avj oldirishga urinayotgan kuchlar ham yo‘q emas. Bunday yovuz kuchlarga qarshi kurashda avvalo doimiy hushyorlik va ogohlik, jaholatga qarshi – ma’rifat, butun xalqimizning birligi va hamjihatligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Shu maqsadda mustaqilligimiz va tinch hayotimizning ishonchli himoyachisi bo‘lgan Qurolli Kuchlarimizning jangovar qudrati va salohiyatini yanada oshirish, xalq va armiya birligini mustahkamlash bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli zararli ta’sirlardan asrash yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shu vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda muhtaram faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari, hech shubhasiz, biz uchun hamisha ibrat bo‘lib xizmat qiladi.
Ayniqsa, sizlar barcha ishlarimizda dono maslahatgo‘y, tog‘dek tayanch bo‘lib, xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi islohotlarimizga o‘z amaliy ishlaringiz, duolaringiz bilan madad berib kelmoqdasiz. Va biz buni yuksak qadrlaymiz, sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz!
Fursatdan foydalanib, bugungi tinch va ozod, erkin hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun o‘z nomimdan, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi nomidan sizlarga yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman. Doimo hayotimizga fayz berib, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib yurishingizni Yaratgandan so‘rayman.
Baxtimizga hamisha omon bo‘ling!
G‘alaba bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Katta rahmat sizlarga!