O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri AQSh prezidentining maslahatchisi va AQSh davlat kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Davlat kotibi deportatsiya qilinayotgan shaxslarni AQShdan qaytarishda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning IShIDga qarshi Global koalitsiyaga qo‘shilish qarorini olqishladi. Saidov, shuningdek, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Rubio bilan siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash kabi muhim masalalarni muhokama qildi.
“Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga AQSh tomonidan bildirilayotgan qat’iy qo‘llab-quvvatlovni yuksak qadrlaymiz. Ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy sur’atini yuqori darajadagi muloqot va amaliy hamkorlik orqali davom ettirishga kelishib oldik”, – deb yozdi Saidov.
Bundan tashqari, O‘zbekiston TIV rahbari Vashingtonda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan uchrashdi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro masalalarning keng doirasini muhokama qilishdi.
“Bizning muloqotimiz xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga ko‘maklashish masalalariga qaratildi”, – deya qo‘shimcha qildi Saidov.
U, shuningdek, AQSh prezidenti tomonidan O‘zbekiston islohotlar dasturiga va mintaqada tinchlik hamda farovonlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarga bildirilayotgan doimiy qo‘llab-quvvatlov O‘zbekistonda yuksak qadrlanishini ta’kidladi.