Andijon viloyati va Buyuk Polsha voyevodligi o'rtasida hududlararo hamkorlik o'rnatiladi

Safardan ko'zlangan asosiy maqsad Buyuk Polsha voyevodligining yangi texnologiyalar sohasidagi iqtisodiy va ilmiy salohiyati, kichik va o'rta biznes sektori, shuningdek, tadqiqot hamda innovatsiyalar yo'nalishidagi zamonaviy yechimlar bilan tanishish, diplomatik korpus va ushbu viloyat kompaniyalari o'rtasida hamkorlik o'rnatish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.
Tashrif davomida Buyuk Polsha voyevodligi marshali o'rinbosarlari Yatsek Boguslavski va Voysex Yankoviak bilan alohida uchrashuvlar o'tkazildi.
Muzokaralar chog'ida Buyuk Polsha voyevodligi va Andijon viloyati o'rtasida hududlararo hamkorlik aloqalarini o'rnatish hamda o'zaro kelishilgan muddatlarda biznes missiyalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Diplomatlar yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, O'zbekiston-Polsha hamkorligining holati va istiqbollari, hududlararo aloqalar hamda Yangi O'zbekistonning, xususan Andijon viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida so'zlab berdilar.
"Yashil" energiya shahri hisoblangan Konin meri o'rinbosari Vitold Novak va Konin hududiy rivojlanish agentligi prezidenti Machey Sitek bilan kechgan muzokaralarda Andijon viloyatidagi shaharlardan biri bilan birodarlik aloqalarini o'rnatish imkoniyati ko'rib chiqildi.
Bundan tashqari, Poznan shahrida tashkil etilgan "NetZero Energy and H2POLAND" xalqaro ko'rgazmasining ochilish marosimi doirasida "MTP Group" prezidenti Tomash Kobiyerski, Poznan texnologiya universitetining Motor va aviatsiya instituti direktori Anjey Ziolkovski, Polsha importyorlari va eksportyorlari palatasi prezidenti Andjey Liko, "ITA Sp. z o.o." kompaniyasi maslahatchisi Mixal Vecherovski bilan samarali muzokaralar o'tkazildi.
Uchrashuvlar yakunida O'zbekiston tomoni bilan yurtimizda qo'shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.