Baxtiyor Saidov Kuvaytda Jasim bin Muhammad Al-Budaiviy bilan uchrashdi

Yaqin Sharq mintaqasi nashrlari yozishicha, Al-Kuvayt shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlari uchinchi uchrashuvida ishtirok etgan O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Baxtiyor Saidov Kengash Bosh kotibi Jasim bin Muhammad Al-Budaiviy bilan uchrashganini yoritdi.
Maqolalarda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitini muvaffaqiyatli tashkil etish masalasi muzokara markazida turgani ta’kidlangan. Muloqot davomida ikki mintaqa davlatlarini birlashtirib turuvchi chuqur ildizlar, umumiy qadriyatlarga urg‘u berilib, yanada istiqbolli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratish zarurligi ma’qullangan.
Shuningdek, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan. Hujjatda qator yo‘nalishlar, xususan siyosiy va xavfsizlik bo‘yicha muloqot, iqtisodiy, savdo va sarmoyaviy hamkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va sport sohalarida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Tomonlar ushbu reja bo‘yicha ishlarni umumiy manfaatga yo‘naltirish bo‘yicha sa’y-harakatni kuchaytirish zarurligini tasdiqlagan.