O‘zbekistonda xorijiy fuqarolarning o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash tizimi joriy etildi

O‘zbekistonda xorijiy fuqarolarning o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash tizimi joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash hamda ularga tegishli malaka sertifikatini berish tizimi joriy etildi.
Hujjatda Uz-Pro — Uzbek Language Proficiency Exam malaka imtihonini tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu imtihon natijalari o‘zbek tilini bilish darajasini Chet tillarni bilish darajasini baholashning Umumevropa tizimi — CEFR mezonlariga muvofiq tasdiqlaydi.
Nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, imtihonni o‘tkazish, natijalarni baholash va sertifikatlarni berish vakolatli davlat muassasasi tomonidan Uz-Pro platformasi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Imtihon darajalari
2026-yil 1-martdan boshlab malaka imtihonlari quyidagi darajalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
A1 — boshlang‘ich daraja;
A2 — elementar daraja;
B1 — o‘rta daraja.
B2, C1 va C2 darajalari bo‘yicha imtihonlarni joriy etish 2027-yil 1-martdan boshlab nazarda tutilgan.
Imtihon davomida quyidagi to‘rtta asosiy til ko‘nikmasi baholanadi:
og‘zaki nutqni tushunish;
o‘qish;
yozish;
gapirish.
Imtihon shaxsni identifikatsiya qilish va videokuzatuv tizimidan foydalangan holda masofaviy, onlayn shaklda o‘tkaziladi. Unda qatnashish uchun nomzod barqaror internet aloqasi, kompyuter yoki boshqa mos qurilma, shuningdek, ishlaydigan kamera va mikrofonga ega bo‘lishi lozim.
Ro‘yxatdan o‘tish va to‘lov
Imtihonda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish rasmiy elektron platforma orqali mustaqil ravishda amalga oshiriladi:
Uz-Pro:
https://uzpro.uzbmb.uz/
Ro‘yxatdan o‘tishda shaxsiy ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritish, imtihon qoidalari bilan tanishish hamda to‘lovni elektron shaklda amalga oshirish zarur.
Malaka imtihonida qatnashish narxi 50 AQSh dollarini tashkil etadi.
Imtihonda qatnashish, to‘lov, ayrim bo‘limlarni qayta topshirish va apellyatsiya berish bo‘yicha amaldagi shartlarni ro‘yxatdan o‘tishdan oldin bevosita Uz-Pro platformasida tekshirish tavsiya etiladi.
Natijalar va sertifikat
Imtihon natijalari nomzodning shaxsiy kabinetida e’lon qilinadi. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga davlat namunasidagi elektron malaka sertifikati beriladi.
Sertifikat:
elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
uning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi QR-kodga ega bo‘ladi;
o‘zbek tilini bilishning tegishli darajasini tasdiqlaydi;
uch yil davomida amal qiladi.
Sertifikatning haqiqiyligini Uz-Pro platformasi orqali ham tekshirish mumkin.
B1 yoki undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan ayrim tartib-taomillardan o‘tishda amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Xususan, 2026-yil 1-apreldan boshlab B1 yoki undan yuqori darajadagi amaldagi sertifikatga ega xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish jarayonida davlat tilini bilish bo‘yicha alohida imtihon topshirishdan ozod etiladi.
Foydali havolalar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 31-son qarori:
https://lex.uz/uz/docs/-8022549
Uz-Pro imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish va uni topshirish uchun rasmiy platforma:
https://uzpro.uzbmb.uz/
Imtihonda qatnashish bo‘yicha ingliz tilidagi ommaviy oferta va qoidalar:
https://apiuzpro.uzbmb.uz/media/about_rules/Oferta%20o%27zbek%20tili%20en.pdf
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi:
https://gov.uz/oz/uzbmb
Ro‘yxatdan o‘tish, texnik talablar, to‘lov va imtihonni o‘tkazish masalalari bo‘yicha tushuntirish olish uchun ishtirokchilarga Uz-Pro platformasi ma’muriyati yoki O‘zbekiston Respublikasi Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaat qilish tavsiya etiladi.