O'zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish tartibi
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi yangi Qonuni 2020 yil 13 mart kuni qabul qilingan.
Qonunning to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi 610-sonli “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra O‘zbekiston fuqaroligi fuqaroligidan chiqish yoki fuqaroligini yo‘qotganlik oqibatida tugatiladi (23-modda).
Ushbu Qonunning 25-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda yo‘qotiladi:
1. shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida;
2. agar xorijda doimiy yashovchi shaxs yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;
3. agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida amalga oshirilgan bo‘lsa;
4. agar shaxs chet davlatning foydasini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatgan holda yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish yo‘li bilan jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa;
5. agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa;
6. agar shaxs chet davlatning fuqaroligini tug‘ilganlik bo‘yicha yoxud chet davlat fuqarosi bo‘lgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan bo‘lsa va yigirma bir yoshga to‘lguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan bo‘lsa.
Shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganligi uning erining (xotinining) va farzandining (bolalarining) fuqaroligi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish to‘g‘risidagi iltimosnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchi tomonidan shaxsan beriladi.
Xorijda yashayotgan shaxs mazkur iltmosmonani konsullik muassasasiga taqdim etishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining horijdagi konsullik muassasalarida konsullik hisobida turgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinadi. Вarcha hujjatlar 2 nusxada taqdim etilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 martdagi PF-6185 sonli farmoniga asosan arizachi O‘zbekiston Respublikasining horijdagi konsullik muassasasiga shaxsan murojaat qilib, quyidagi hujjatlarni ilova etadi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza (namuna);
- O‘rnatilgan tartib bo‘yicha anketa-ariza (namuna);
- Pasport (ID-karta);
- Nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (mavjud bo‘lsa);
- Arizada bola ko‘rsatilgan taqdirda, uning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va (mavjud bo‘lsa) pasporti (ID-kartasi). Bunday hollarda bolaning otasi yoki onasi O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini saqlab qolayotgan bo‘lsa, uning notarial tartibda tasdiqlangan roziligi talab etiladi;
- Avtobiografiya va yaqin qarindoshlari haqida ma’lumot;
- 4 ta surat (35*45mm);
- Boshqa davlat fuqaroligini qabul qilganligini tasdiqlovchi yoki vakolat beruvchi hujjat, rasmiy tarjima bilan;
- Otalari yoki onalari bilan birga fuqarolikdan chiqayotgan 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlar o‘zlarining O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish bo‘yicha rozilik arizalarini taqdim etadilar;
agar ota-ona ikkalasi ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lib, faqat bittasi voyaga etmagan farzandi bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqayotgan bo‘lsa, bolaning va turmush o‘rtog’ining O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishiga bo‘lgan munosabati arizasida ko‘rsatilishi lozim;
Agar ariza beruvchining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan eri (xotini), ota-onasi, shuningdek, uning qaramog‘idagi shaxslar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashasa, ariza beruvchi ushbu shaxslarning ariza beruvchiga nisbatan mulkiy e’tirozlari mavjud emasligi haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan arizalarini taqdim etishi shart.
Agar tegishli holatlar mavjud bo‘lsa, ota-onaning, turmush o‘rtog‘ining roziligi o‘rniga ariza beruvchidan yoki tegishli organdan:
vafot etganligi haqida guvohnoma, agar ko‘rsatilgan shaxslar vafot etgan bo‘lsa;
ko‘rsatilgan shaxslarni ota-onalik huquqlaridan mahrum qilinganligi, muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganligi yoxud fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilinganligi haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarori;
yolg‘iz ota yoki ona ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar vakolatli organ tomonidan so‘rab olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish to‘g’risidagi ariza 1 yil ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish va arizaga asosan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun konsullik to‘lovi va ma’muriy to‘lovi to‘lanadi.